25-iyulda International Talent Academy xususiy maktabida Murad Buildings kompaniyasi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida ilk bor “MB Shaxmat yulduzlari” nomli bolalar shaxmat turnirini tashkil etdi. Musobaqa 64 nafar yosh shaxmatchini birlashtirib, intellektual sport bayramiga hamda mamlakatda bolalar shaxmatini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamga aylandi.

Turnir tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda tadbir boshlovchisi, Murad Buildings bosh direktori Oybek Nurmuhamedov hamda musobaqa bosh hakami ishtirokchilarni samimiy qutladi. O‘z nutqida kompaniya rahbari bolalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh avlodning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar yaratish Murad Buildings ijtimoiy mas’uliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

“Bugungi asosiy mehmonlarimiz — bolajonlar. Aynan shu yoshda insonning fe’l-atvori, mas’uliyati va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati shakllanadi. Shunday maydonlar yanada ko‘payishini, mazkur turnir esa yaxshi an’anaga aylanishini istaymiz”, — dedi Oybek Nurmuhamedov.

Musobaqa dasturidan har biri 10 daqiqalik vaqt nazorati bilan o‘tkazilgan rapid yo‘nalishidagi uch tur o‘rin oldi. Bellashuvlarning adolatli va belgilangan nizom asosida o‘tishini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ko‘magidagi hakamlar hay’ati ta’minladi.

Yosh ishtirokchilar shaxmat taxtasi qarshisida bor e’tiborini o‘yinga qaratgan bir paytda, ota-onalar partiyalarni katta ekranlarda jonli efir orqali kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Turlar oralig‘ida bolalar uchun rivojlantiruvchi interaktiv maydonlar tashkil etildi, mehmonlarga esa qulay dam olish hududi va keytering xizmati taklif etildi. Bunday format sport ruhi, oilaviy muhit va yorqin taassurotlarni uyg‘unlashtirdi.

Turnir tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlandi. Musobaqa formatida an’anaviy g‘oliblik o‘rinlari belgilanmadi — asosiy e’tibor har bir bolaning ishtiroki, sport ruhi va shaxsiy yutuqlariga qaratildi. Ishtirokchilar “Eng yaxshi debyut”, “Eng tezkor g‘alaba” va “Halol o‘yin” kabi maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandi. G‘oliblarga Murad Buildings tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir esa barcha ishtirokchilar, ota-onalar, tashkilotchilar va hamkorlar ishtirokidagi umumiy surat bilan yakunlandi.
“MB Shaxmat yulduzlari” turniri Murad Buildings kompaniyasining bolalar rivoji, intellektual sportni ommalashtirish hamda yosh iste’dodlar o‘z salohiyatini namoyon eta oladigan muhitni yaratishga qaratilgan tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. Bunday loyihalar mas’uliyat, raqibga hurmat va yangi marralarni zabt etishga intilish kabi muhim qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.