Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 556-sonli “Orzu” davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiyadan so‘ng tantanali ravishda qayta ochildi. Mazkur bog‘cha Murad Buildings kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan Regnum Plaza turar joy majmuasi doirasidagi ijtimoiy loyiha hisoblanadi. Qurilish vazirligi tashabbusi bilan 1980-yilda qurilgan va yillar davomida hudud aholisi uchun muhim bo‘lib kelgan mazkur davlat bog‘chasini rekonstruksiya qilish taklif etilgan edi. Bugungi kunda Murad Buildings ko‘magida yangilangan bino zamonaviy qulaylik va sifat talablariga to‘liq javob beradi.

Ochilish marosimi bayramona ruhda o‘tdi. Mehmonlarni musiqiy chiqishlar, karnay-surnay sadolari qarshi oldi. Tadbirning eng muhim lahzasi ramziy tasma kesish marosimi bo‘lib, u bog‘cha hayotining yangi bosqichini boshlab berdi.

Yangilangan bog‘cha — shunchaki ta’mirlangan bino emas, balki bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan zamonaviy makon. Yorug‘ va keng guruh xonalari, o‘yin va ta’lim zonalari, sayr maydonchalari — barchasi bolalar uchun qulay va rivojlantiruvchi muhit yaratishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida mehmonlar bog‘chaning yangilangan infratuzilmasi bilan tanishib, pedagoglar bilan suhbatlashishdi hamda bolalar qanday sharoitda ta’lim olishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

556-sonli “Orzu” davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilishi — nafaqat tarixga ega bino qayta tiklangani, balki shahar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Murad Buildings ishtirokida amalga oshirilgan mazkur loyiha davlat va biznes hamkorligi orqali kelajak avlod uchun sifatli muhit yaratish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.

Bog‘cha o‘z tarixini saqlagan va zamonaviy talablarga mos holda yana o‘z eshiklarini kichik tarbiyalanuvchilar uchun ochmoqda.